Kutubxona

Natural son tushunchasi

Natural sonlarning yozilishi va oʻqilishi

  1. Natural sonlar qatori

Quyidagi rasmda ikkita olma, uchta dafta va oʻnta kitob tasvirlangan. Sonlardan foydalanib bu rasmlarni quyidagicha yozish mumkin:

Narsalarni sanashda ishlatiladigan sonlar natural sonlar deb ataladi.
Yuqorida koʻrilgan misolda 2, 3 va 10 sonlari natural sonlardir.
Har qanday natural sonni oʻnta: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 0 raqamlari bilan
yozish mumkin. Sonning faqat 0 dan 9 gacha boʻlgan raqamlar bilan bunday
yozilishiga sonning oʻnli yozuvi deyiladi. Bu holda son oʻnli sanoq sistemasida
yozilgan deb ham aytiladi.
1 dan boshlab barcha natural sonlarni sanoq tartibida ketma-ket yozib
chiqsak,
1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16, 17, …
koʻrinishdagi natural sonlar qatori hosil boʻladi.
Natural sonlar qatorida 1 eng kichik natural sondir.


Har qanday natural songa 1 ni qoʻshsak, natural sonlar qatorida undan
keyin keluvchi natural son hosil boʻladi. Shuning uchun natural sonlar qatorida
eng katta son yoʻq. Chunki, eng katta son bor desak, bu songa 1 ni
qoʻshib undan ham katta sonni hosil qilaveramiz.

Natural sonlar qatori cheksizdir.


      Sonning oʻnli yozuvida har bir raqam qiymati uning turgan oʻrniga bogʻliq
boʻladi. Agar 7 raqami natural son yozuvining eng oxirida turgan boʻlsa, 7 ta
birlikni, oxiridan ikkinchi oʻrinda turgan boʻlsa, 7 ta oʻnlikni, oxiridan uchinchi
oʻrinda turgan boʻlsa, 7 ta yuzlikni anglatadi va hokazo.
Masalan, 7 soni 127 yozuvida – 7 ta birlikni, 472 yozuvida – 7 ta oʻnlikni,
780 yozuvida esa – 7 ta yuzlikni anglatadi.
0 raqami oʻzi turgan xonada birorta ham birlik yoʻqligini bildiradi. Bu belgi
nol sonini ifodalashda ham ishlatiladi.

0 natural son emas.


2. Koʻp xonali sonlar, ularning oʻqilishi va yozilishi

       Natural son yozuvi bitta belgidan (raqamdan) iborat boʻlsa, bu son – bir xonali,ikkita belgidan (raqamdan) iborat boʻlsa, ikki xonali son deb ataladi. Shunga oʻxshash, natural sonlar yozuvidagi belgilar (raqamlar) soniga qarab, uch xonali, toʻrt xonali, besh xonali va hokazo koʻp xonali sonlar haqida gapirish mumkin.
Masalan, 1, 3, 6, 9 – bir xonali, 19, 22, 87 – ikki xonali, 307, 976 – uch xonali,
6717, 4500 – toʻrt xonali, 20 456, 56 001 – besh xonali sonlardir.
Ikki va undan ortiq xonali sonlar – koʻp xonali sonlar deb ataladi.
Koʻp xonali sonlarni oʻqish uchun ular oʻng tomondan boshlab uchta raqamdan iborat guruhlarga ajratiladi (eng oxirgi guruh bitta yoki ikkita raqamdan iborat boʻlishi ham mumkin). Bu guruhlar sinflar deb ataladi.
Oʻng tomondagi birinchi uchta raqam birlar sinfini, keyingi uchta raqam minglar
sinfini tashkil qiladi. Ulardan keyin millionlar, milliardlar va hokazo sinflar keladi.
1 000 000 – million sonining yozilishi. U qisqacha 1 mln deb ham yoziladi.
Millionlar sinfi – millionlar, oʻn millionlar va yuz millionlar xonasidan tashkil topgan.
Bu xonalarni millionlar sinfining birlar, oʻnlar va yuzlar xonasi deb ham ataymiz.
Ravshanki, 1 million mingta 1000 ga teng boʻladi.
1 000 000 000 – milliard sonining yozilishi. U qisqacha 1 mlrd deb ham yoziladi. 1 milliard 1000 ta millionga teng.
1- misol. Aytaylik, 29 405 378 613 soni oʻnli yozuv jadvalida yozilgan boʻlsin.
Jadvaldan koʻrinib turibdiki, berilgan sonning milliardlar sinfida 29 ta birlik, millionlar sinfida 405 ta birlik, minglar sinfida 378 ta birlik va nihoyat birlar sinfida
613 ta birlik bor.

         Sonni oʻqish uchun chapdan oʻngga qarab sonning har bir sinfidagi birliklari
soniga shu sinf nomini qoʻshib ketma-ket aytib chiqiladi. Eng oxirgi birlar sinfi nomi
oʻqilmaydi. Agar sinfning har uchala xonasida 0 turgan boʻlsa, bu sinf nomi ham
oʻqilmaydi.


29 405 378 613 soni – 2 ta oʻn milliard, 9 ta bir milliard, 4 ta yuz million, 5 ta
bir million, 3 ta yuz ming, 7 ta oʻn ming, 8 ta bir ming, 6 ta yuz, 1 ta oʻn, 3 ta birdan
iborat.
 2- misol. Quyidagi oʻnli yozuv jadvalida yozilgan 247 108 000 394 sonining
minglar sinfi faqat nollardan iborat.
Shuning uchun sonni oʻqishda bu sinf nomi oʻqilmaydi.

Sonlar oʻnli yozuv jadvalidan foydalanmasdan oʻqilganda quyidagicha yoʻl
tutiladi:
Berilgan son oldin guruhlarga ajratiladi va guruhlar orasiga bir oz joy
tashlab, qayta yozib chiqiladi. Soʻng yuqoridagi qoidaga koʻra oʻqiladi.
3- misol. 373612400026 soni berilgan boʻlsa, oldin u 373 612 400 026
koʻrinishda qayta yozilib, sinflarga ajratiladi va uch yuz yetmish uch milliard
olti yuz oʻn ikki million toʻrt yuz ming yigirma olti deb oʻqiladi.
4- misol. Endi oʻn ikki milliard olti yuz sakson toʻqqiz ming ikki sonini
raqamlar bilan yozaylik.
Chapdan oʻngga qarab milliardlar sinfiga 12 ni, millionlar sinfiga 000 ni,
minglar sinfiga 689 ni, birlar sinfiga esa 002 ni yozamiz. Bunda millionlar
sinfi nomi oʻqilmagan boʻlsa-da, unga uchta 0 ni yozamiz. Shunga oʻxshash,
birlar sinfidagi yuzlar va oʻnlar xonasi nomlari oʻqilmagan boʻlsa-da, bu xonalarga
ham 0 ni yozib qoʻyamiz.
Natijada 12 000 689 002 yozuvi hosil boʻldi.

User Rating: Be the first one !
Belgilar
Ko'proq ko'rsatish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*

code

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.

Close